Qargʻasimonlar — sayroqi chumchuqsimonlar turkumi oilasi. Anatomik tuzilishiga koʻra birmuncha sodda; lekin nisbatan murakkab xattiharakatlari bilan boshqa chumchuqsimonlardan ajralib turadi. Ayrim Q. tovushga taqlid qiladi (odam ovozini takrorlaydi). Uz. 18—70 sm. Tumshugʻi va oyoqlari baquvvat, burun teshiklari keng va qillar bilan toʻsilgan. 26 uruqqa mansub 104 turi bor. Yangi Zelandiya va ayrim o.dan tashqari Yer yuzida keng tarqalgan. Oʻzbekiston faunasida 4 urugʻ (qargʻalar, hakkalar, xoʻjasavdogarlar, togʻ zagʻchalari)ga mansub 9 turi tarqalgan.
Koʻpchilik Q. gala boʻlib yashaydi; ayrim turlari koloniya boʻlib uya quradi. Uyasini daraxtlar shoxi, kovagi, qoya toshlar, binolarga yoki qamishlar orasiga quradi. Urgʻochisi 3—10 ta tuxum qoʻyib, uni bosib yotadi. Ayrim Q.ning erkagi ham tuxum bosadi. Har xil oziq yeydi, koʻpchiligi mayda kemiruvchilar va hasharotlar bilan oziqlanadi; baʼzi turlari ekinlar, qushlar uyasidagi tuxumlari va joʻjalarini, moʻynali hayvonlar bolasini yeb, birmuncha ziyon keltiradi.